Inson qayerda kim va qanday lavozimda faoliyat olib borishidan qat’iy nazar agar o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashsa, shubhasiz, yutuqlari soni tobora ortadi. Ayniqsa, bildirilgan ishonch uning mehnatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ammo shu ishonchni bugun oqlamay, aksincha, o‘z ish joyidan topgan mehnat haqiga xiyonat qilib kelayotganlar ham yo‘q emas.
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan, g‘isht mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Quvasoyta’mirqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tabiiy gazdan foydalanish holati o‘rganilganda, sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlar gaz ta’minoti tizimi xodimining “sadoqatli” mehnatini ko‘rsatib berdi. Voqealar asliga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan gaz ta’minoti filiali o‘rtasida 2021 yilning 11 yanvar kuni shartnoma imzolangan. Shuningdek, 2022 yil davomida tabiiy gazdan foydalanish uchun mazkur shartnomaga asosan qo‘shimcha kelishuv tuzilgan o`rganuv tadbirlari davomida g‘isht mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Quvasoyta’mirqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli o‘lchov kompleksi va gaz hisoblash uskunasi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli tartibdagi qaroriga zid ravishda Jamiyatning ichki hududiga o‘rnatilgan. Ammo ta’kidlash lozim, mazkur holatni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida filialning “Quvasoyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali direktori nomiga xizmat xatlari bilan murojaat qilingan hamda mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbariga aloqa xati yuborilgan.
Ammo o‘rganuv kuniga qadar hech qanday ijobiy natijalar bo‘lmagan. Xodimlar tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida korxona ichida noqonuniy ravishda 50 diametrli gaz quvuri tortilganligi va yashirin ravishda ushbu tarmoqdan foydalanib kelinayotganligi aniqlandi. Dalolatnoma rasmiylashtirilib, sarflangan tabiiy gazni qayta hisob-kitob qilish tadbirlari amalga oshirildi.
“Qing‘ir ish keltirar tashvish” deganlaricha, mas’uliyati cheklangan jamiyatning vakili Q.Sh bilan olib borilgan so‘rov-suhbatlar davomida “Quvasoyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi Hakimov Rasuljon Muxtorovich xabardor ekanligi, 2022 yilning yanvar oyidan boshlab 50-60 mln so‘m pul mablag‘larini “ulush” sifatida berib kelayotganligini qayd etgani soha vakiliga ozmuncha tashvish keltirmadi.
Achinarlisi, mas’ul xodim tadbirkorga faoliyati davomida sarflangan tabiiy gaz mablag‘larining ma’lum qismini bank orqali “Hududgazta’minot” AJning hisob raqamiga hamda birmunchasini esa naqd pul hisobida unga berib borganligini ta'kidlagan. Iste’molchi suhbatlar davomida joriy yil hisobida gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi Rasul Hakimovga taxminan 300-350 mln so‘m pul mablag‘ini berganligini aytib o‘tdi.
“Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali tomonidan bugungi kunda barcha to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish maqsadida huquq tartibot organlariga yuborilgan. Hakimov Rasuljon Muhtorovich esa egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Halol mehnatdan yiroqlashgan xodim va’daga “vafo” qilishni o‘ziga ep ko‘rgan chog‘i, mo‘maygina daromad evaziga tegishli bo‘lim mutaxassislari tomonidan olib boriladigan tekshiruvlarni o‘z vaqtida bartaraf etishga “so‘z” bergan. Ha, “Va’daga vafo mardning ishi” aslida, ammo xiyonat yo‘li bilan emas. Ushbu naqlni faqat halol mehnat evaziga faoliyat olib boradigan tashkilot xodimi aytsa, balkim yarashar, ammo xalq yo‘lida astoydil mehnat qilib, mehnatining qadriga yetmay, aksincha, ishonchni oqlamagan xodimdan, tag‘inam, mas’ul xodimdan nimani kutish mumkin?!
>