Hurmatli isteʼmolchilar!
Bugungi kunda, yogʻinli kunlar boshlanib, havo harorati pasayib borayotganligini inobatga olib, oʻzingiz va yaqinlaringiz salomatligini asrash, xavfsizligini taʼminlash maqsadida, “Hududgaztaʼminot” AJ Sizdan gazdan foydalanish boʻyicha belgilangan tartib va qoidalarga qatʼiy rioya etgan holda xonadoningizda oʻrnatilgan isitish uskunalari hamda ovqat tayyorlash jarayonida esa gaz plitalarni nazoratsiz qoldirmasligingizni soʻraymiz.
Shuningdek, shamollatish tizimi sozligiga alohida eʼtibor qaratib, shamollatish tizimi talabga javob bermaydigan xonalarda dam olish (uxlash) mumkin emasligini eslatib oʻtamiz.
Gaz jihozlari mavjud xonalarda chiroqni yoqishdan oldin, gaz hidi yoʻqligiga ishonch hosil qilib, gaz hidini sezganda esa darhol xonani shamollatib, 1104 yoki 104 raqami orqali avariya dispetcherlik xizmatiga qoʻngʻiroq qilishingiz lozim.
Hurmatli isteʼmolchi, gazdan foydalanish qoidalariga doimiy ravishda rioya qilish — Sizning salomatligingiz garovi!
Fursatdan foydalanib, eslatib oʻtish joizki tabiiy gaz uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish, isitish mavsumida isteʼmolchilarni uzluksiz tabiiy gaz bilan taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Toʻlovlarni amalga oshirishda qoʻshimcha qulayliklar yaratish uchun uydan chiqmagan holda mobil ilovalar orqali kunning istalgan vaqtida, jumladan gaz taʼminoti boʻlimlari yoki bank filiallariga borgan holda toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.
Shuningdek, “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi” (ASKUG) hayotga tatbiq etilishi, masofadan turib har bir xonadon kesimida isteʼmol hajmlarini monitoring qilish orqali tabiiy gazdan yashirincha foydalanish holatlarini aniqlash hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda qonuniy choralarni koʻrishga xizmat qilmoqda.
Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilib, Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 13-martdagi OʻRQ-822-son qonuniga asosan, tijoriy maqsadlarda gazdan noqonuniy foydalanish oʻgʻrilik sifatida tasniflanib, ushbu huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan.
Shu oʻrinda, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, mazkur huquqbuzarlikni katta boʻlmagan miqdorda sodir etgan shaxslarga nisbatan BHMning 10 barobaridan 20 barobarigacha (3,3 milliondan 6,6 million soʻmgacha) boʻlgan jarima, shuningdek, 15 sutkalik maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanilishini eslatib oʻtamiz.
Har bir isteʼmolchi xonadoniga tabiiy va suyultirilgan gazni yetkazib berish, ularga iliqlik va qulaylik ulashish uchun “Hududgaztaʼminot” AJning 16 mingdan ortiq mutaxassislari tunu kun mehnat qilmoqda.
“Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati
Manba:hududgaz.uz veb sayti