Fargʻona shahridagi Ekoshahar – “Yangi Oʻzbekiston” massivida bunyod etilgan koʻp qavatli uylardan viloyatimiz gaz taʼminoti tizimi ishchi-xodimlariga yangi xonadonlar topshirildi.
Mustaqilligimizning 33 yilligi bayramida bu uylar ularga katta tuhfa boʻldi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, tizim xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Viloyatimizda “HUDUDGAZ FARGʻONA” gaz taʼminoti filiali tomonidan olib borilayotgan ishlar eʼtirof etilib, yaqinda nishonlangan Oʻzbekiston neft va gaz sanoati xodimlari kuni bilan ham samimiy tabriklab, ularning ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
“HUDUDGAZ FARGʻONA” gaz taʼminoti filialining 28 nafar ishchi-xodimlariga yangi uylarning kalitlari topshirildi. Shundan soʻng yangi uylarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
Bayram tadbiri elimiz suygan sanʼatkorlarning qoʻshiqlari bilan yanada shukuhli kechdi.
"Hududgaz Farg'ona" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati