Anjumanda taʼkidlanganidek, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublikamizning 3 ta viloyatida umumiy quvvati 1154 megavattga teng bo‘lgan 5 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Nurobod tumanida 100 megavatt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. Eʼtibor berish kerakki, ushbu loyihalar davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida xorijiy kompaniyalar tomonidan amalga oshirildi.
Ushbu 6 ta elektr stansiya yiliga 9 milliard 660 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Qurilmalarning energiya tejamkorligi hisobiga yiliga 1 milliard 353 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Stansiyalar qurilishi davomida 3 260 nafar ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, ular ishga tushishi natijasida 445 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.
Yaqin kunlarda Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida 220 megavatt quvvatli zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi ham ishga tushiriladi. Shunday qilib, bir yilda 7 ta zamonaviy elektr stansiya ishga tushirilmoqda.
Ishlab chiqarilgan elektr energiyasini isteʼmolchilarga sifatli yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida o‘tgan o‘n oyda yuqori kuchlanishli 8 ta podstansiya modernizatsiya qilinib, ularning quvvati 1 116 megavolt amperga oshirildi. Shuningdek, 3 ming kilometrdan ziyod elektr uzatish tarmoqlari va 1 033 ta transformator punktlari yangilandi.
Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida respublikamizda jami 60,6 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,9 mlrd kVt-soatga yoki 105,1 foizga ko‘pni tashkil qiladi.
Shuningdek, o‘tgan o‘n oy davomida respublika isteʼmolchilariga 51,3 mlrd kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 mlrd kVt-soatga yoki 105,2 foizga ko‘pni tashkil qiladi.
Kuz-qish davrini betalafot o‘tkazish maqsadida gaz taʼminoti korxonalarida 244 ta, hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida 439 ta avariyaga qarshi brigada tashkil etildi.
Kuz-qish davrida respublika isteʼmolchilariga jami 34 mlrd 565 mln kVt-soat (o‘tgan kuz-qish mavsumiga nisbatan 2 mlrd 254 mln kVt-soatga ko‘p) elektr energiyasi yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Mavsum davomida aholiga 10 mlrd 759 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib beriladi.
Kuz-qish davrida isteʼmolchilarga jami 30,6 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Shundan 10,4 mlrd kub metr hajmda aholi isteʼmolchilariga va 20,2 mlrd kub metri – iqtisodiyot tarmoqlariga yetkaziladi.
Suyultirilgan gaz taʼminoti tizimidagi 85 ta gaz to‘ldirish punkti hamda 1058 ta gaz tashuvchi va tarqatuvchi avtotransport vositasining doimiy texnik soz holatda ishlashi taʼminlangan.
Shu bilan birga aholi isteʼmolchilarining ehtiyojidan kelib chiqib, joriy yil yakuniga qadar 12,7 ming dona qo‘shimcha maishiy gaz balloni yetkazib beriladi.
15 sentyabrdan boshlab bugungi kungacha aholi isteʼmolchilariga 401 ming tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib berildi. Yil yakuniga qadar 882 ming tonna ko‘mir mahsulotlarini yetkazib beriladi.
Shuningdek, olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq (ovul)larda ko‘mir, suyultirilgan gaz zaxirasini yaratishda 447 ta mahalla (ovul) fuqarolar yig‘inidagi 168 mingdan ziyod xonadonga 10 693 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi taʼminlanadi.
Xulosa qilib aytganda, Energetika vazirligi va vazirlik tizimidagi barcha tashkilotlar tomonidan isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan savollarga masʼullar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Manba:O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati