O‘zbekistonda bugungi kunda 4 millionga yaqin tabiiy gaz iste’molchisi mavjud. Biroq ayrim uy xo‘jaliklarida o‘rnatilgan gaz qurilmalari talabga javob beradi deb bo‘lmaydi. Ko‘plab iste’molchilar hamon eskirgan gaz plitalari, titanlar va isitish qozonlaridan foydalanmoqda. Zamonaviy gaz uskunalari, shuningdek, qo‘lbola qurilmalar, jumladan, katta hajmda gaz iste’mol qiluvchi gorelka va turli pechlardan to‘la quvvat bilan foydalanish holatlari mavjud.
Isitish mavsumida “zangori yoqilg‘i”dan samarasiz foydalanish sabab iste’molchilar boshqa maishiy ehtiyojlarga ishlatish mumkin bo‘lgan 1 milliard so‘mga teng mablag‘ni shunchaki “o‘choqqa tashlab yuboradi”. Misol uchun, qish mavsumida 550 ming iste’molchining har biri 5 ming metr kubdan ortiq gazni bo‘sh xonalar, issiq pol, basseyn, qishki bog‘larni isitish uchun sarfladi va bu umumiy miqdorda 2,8 milliard metr kubni tashkil qiladi. Bu qish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan gaz umumiy hajmining qariyb 30 foizini tashkil etadi.
“Hududgazta’minot” AJ iste’molchilar va butun jamiyat manfaatlaridan kelib chiqib, tabiiy gazdan oqilona foydalanishga chaqiradi. “Zangori yoqilg‘i”dan foydalanishning oddiy qoidalariga rioya qilish yiliga bir trillion so‘mdan ortiq mablag‘ni tejash, shuningdek, eng chekka hududlarga tabiiy gaz yetkazib berish imkonini beradi.
OVQAT TAYYORLASHDA GAZ SARFINI OPTIMALLASHTIRISH
Gaz ta’minoti mutaxassislarining hisob-kitobiga ko‘ra, ikki o‘choqli gaz plitasi soatiga 0,75 m3, uch o‘choqli — 0,90 m3/soat, to‘rt o‘choqli — 1,12 m3/soat tabiiy gaz iste’mol qiladi.
Tabiiy gaz hajmini pasaytirish uchun quyidagi usullardan foydalanish mumkin bo‘ladi:
- Gaz plitasida ovqat pishirayotganda qozon va boshqa idishlar qopqog‘ini yopish lozim. Bu sarflanayotgan gaz hajmining 15 foizini tejaydi va suv bug‘lanishini kamaytiradi.
- Ostki qismi keng idishlardan foydalanganda uni yondirgichning o‘rtasiga joylashtirish darkor. Idishdagi ovqat yoki suyuqlik qaynab chiqqach, olovni ikki barobar pasaytirish kerak bo‘ladi.
- Gaz plitani har yili profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish zarur. Gaz plitasi yondirgichlari qanchalik toza bo‘lsa, olov shunchalik zangori, gaz sarfi esa shunchalik samarali bo‘ladi.
- Ishlatish ehtiyoji bo‘lmasa gaz qurilmalarini o‘chirib qo‘yish kerak. Yondirgichdan xonani isitishda foydalanish yaramaydi: bu samarasiz va shu bilan birga xavflidir.
- Choy uchun suv qaynatish kerakmi? Choynakni to‘ldirib suv qo‘yish shart emas. Faqat kerakli miqdordagi suvni qaynatish lozim.
- Ovqat tayyorlashda toza idishdan foydalanish darkor. Idish tubidagi qasmoq energiya sarfining oshishiga sabab bo‘ladi.
- Ovqat pishirish vaqtida gaz plitasi yuzasini zar qog‘oz (folga) bilan yopish zarur. U alangani qaytaradi va foydali ish koeffitsiyentini oshiradi. Bu usullar gaz sarfini 15–20 foizga kamaytirishga imkon beradi.
SUV ISITISHDA GAZNI TEJASH
Ko‘p qavatli uylar va xususiy xonadonlar egalari suvni isitishda gazda ishlovchi suv isitish apparatlari, suv isitish gaz kolonkalari yoki ikki pallali suv isitish qozonidan foydalanadi. Hisob-kitoblarning ko‘rsatishicha, 1 m3 suvni 40 ℃ gacha isitishda gazda ishlovchi suv isitish apparatlari 1,2 m3, gaz kolonkalari 0,6 m3, ikki pallali suv isitish qozoni 1,2 m3 gaz sarflaydi.